SHAVKAT MIRZIYOYEV QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI QOSHIDA ABU MUIN NASAFIY NOMIDA ILMIY MARKAZ TASHKIL ETILISHINI AYTDI

Yangiliklar / 2021-10-12/ 9 SHAVKAT MIRZIYOYEV QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI QOSHIDA ABU MUIN NASAFIY NOMIDA ILMIY MARKAZ TASHKIL ETILISHINI AYTDI

 

O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 11 oktabr kuni qashqadaryolik saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar bermoqda.

«Turli davrlarda Nasaf shahrida yashab faoliyat ko‘rsatgan 400 nafardan ziyod islomshunos olimlarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, asarlarini bugungi tilimizda, keng jamoatchilikka tushunarli qilib nashr etish – muhim vazifamizdir. 

Xususan, Abul Muin Nasafiy, Najmiddin Nasafiy, Aziziddin Nasafiy, Barokat Nasafiy, Xiromiy, Sayido Nasafiy, Xayoliy singari ulug‘ allomalarning ma’naviy merosi bugun ham beqiyos ahamiyatga ega. 

Ayniqsa, buyuk vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy bundan ming yil oldin jaholatga berilgan kimsalarni o‘z asarlari orqali to‘g‘ri yo‘lga boshlagani tarixdan yaxshi ma’lum. 

Albatta, sizlar bilan birgalikda Qarshi tumanida ulug‘ ajdodimizga bag‘ishlab muhtasham yodgorlik majmuasini bunyod etganimiz ezgu va xayrli ish bo‘ldi. Men bugun ushbu majmuani ziyorat qilib, ko‘nglim taskin topdi. 

Shu ishlarning davomi sifatida Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etsak, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga keng tanitishda yana bir muhim qadam qo‘ygan bo‘lamiz», dedi Mirziyoyev.