Filial tarixi

Toshkent davlat pedagogika universitetiningShahrisabz filialini tashkil etish

 

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida Toshkent davlat pedagogika universiteti filialini tashkil etish uchun jarayonlar 2019- yildan boshlandi. Shahrisabz akademik litsey direktori dots. A. G‘aniyev taklif va tashabbuslari bilan astoydil akademik litsey faollari, pedagog xodimlari bilan tashviqot ishlari olib borildi. Shahrisabz ahlining qo‘llab-quvvatlashi va jamoaning birdamligi, ahilligi bilan ushbu ulkan yutuqqa erishildi.

Aholi o‘rtasida so‘rovromalar olib borildi.  So‘rovnomada ko‘plab odamlar taklifni yoqlab ovoz berishdi. Mening fikrim veb portaliga “Qarshi davlat universitetining Shahrisabz filialini tashkil etish haqida”gi  petitsiya joylashtirildi.

 Petitsiyada Shahrisabz shahrida oliy ta’lim muassasasining mavjud emasligi hudud yoshlariga noqulaylik keltirib chiqarayotganligi, Qashqadaryo viloyati yoshlarining oliy o‘quv muassasalariga kirish reytingi qoniqarli emasligi va bu holat kelgusida viloyatda oliy ma’lumotli mutaxassislarning yetishmovchiligiga olib kelishi qayd etildi.

Respublikamizning ko‘plab viloyatlarida aholi ehtiyojini qondira oladigan oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari tashkil etilgan. Shahrisabzga shahar maqomi berilganligi, unda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligi va viloyatning istiqbolini e’tiborga olib, Qarshi davlat universitetining Shahrisabz filialini tashkil qilishni taklif qilindi. Shahrisabz akademik litseyining 720 o‘rinli o‘quv binosi va 100 o‘rinli yotoqxonasi filial moddiy texnika bazasining asosi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Qashqadaryo viloyati aholisining qariyb yarmi Shahrisabz shahri, Kitob, Yakkabog‘, Chiroqchi va Qamashi tumanlarida istiqomat qilishadi.  Mazkur hududda aholi zich, yoshlar ko‘p, ishsizlik ko‘rsatkichi yuqori va ishlab chiqarish korxonalari kam. Maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalari ham shu tumanlarda ko‘p.  Ochilishi taklif qilinayotgan filial esa keltirilgan noqulayliklarning ma’lum miqdorda yechilishi, Shahrisabzda ilm-fanning rivojlanishiga turtki bo‘ladi va o‘z navbatida Shahrisabz va qo‘shni tumanlarda ishlab chiqarish madaniyatining o‘sishi, yangi texnalogiyalar asosida faoliyat yuritadigan korxonalarning vujudga kelishi, qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga yordam beradi. Shuningdek, juda ko‘p yoshlarga oilalari bag‘rida oliy ta’limda tahsil olishlariga imkoniyat yaratishi aytildi. Mazkur murojaat  mening fikrim veb portaliga uch oy muddatda ko‘rib chiqish uchun qo‘yildi va shu muddatda murojaat o‘n mingdan ortiq ovoz to‘pladi.

Universitet filialini tashkil etish uchun asosiy qadam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning 2018-yilning 13-14- dekabrida Qashqadaryo viloyatga tashrifidan so‘ng qo’yildi. Prezidentimiz uchrashuv mobaynida viloyat aholisining “Mening fikrim” veb portaliga Shahrisabz shahrida oliy o‘quv yurtining filialini ochish bo‘yicha yuborgan taklifi yuzasidan mutasaddilarga Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiallarini tashkil etish topshirig‘ini berdi. Bu taklif butun Qashqadaryo aholisining orzu qilgan ilm maskanini yaratilishiga turtki bo‘ldi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining “Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiallarini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda “Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlarining loyihalari tayyorlandi.

Tashkil etish ko‘zda tutiliyotgan filiallarga bazaviy oliy ta’lim muassasalaridan yuqori malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilib, o‘quv jarayoni 2019-2020 o‘quv yilidan boshlanishi belgilandi. Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialida maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

    2019- yil 4- sentabrdan maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishlari, xorijiy tillar (ingliz tili) va ona tili adabiyoti rus tili adabiyoti o‘zga tilli guruhlarda yo’nalishlarida filial o‘z faoliyatini boshladi.  

Shu bilan birga bir qancha xodimlar o‘z mas’uliyatlaridan kelib chiqib haqiqiy ishbilarmon, yangi g‘oyalar, yangiliklar bilan ishlaydigan, yuragi qaynoq xodimlar, pedagoglar ilk qaldirg‘ochlarni o‘qitish ularga ta’lim tarbiya berishni boshlashdi. Bizga Prezidentimiz tomonidan berilgan ishonch va bildirilgan vazifalarni oqlashga va’da berib yaxshi kadrlarga ta’lim-tarbiya berishga astoydil harakat qilamiz.